MIEM kodeksi

 Telefon (+998 75) 672-50-49   | Faks (+998 75) 672-50-5 E-mail  Этот адрес электронной почты защищен от спам-ботов. У вас должен быть включен JavaScript для просмотра.

«Muborak IEM» AJ Korporativ boshqaruv kodeksi

I.  UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Korporativ boshqaruv kodeksi (keyingi matnlarda Kodeks deb yuritiladi) aksiyadorlik jamiyatlari o’zining haqqoniy va ochiq biznes yuritish tarafdori ekanligini namoyon qilgan holda ixtiyoriy ravishda amal qiluvchi tavsiyalardan iborat.
2. Kodeks O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va korporativ boshqaruvning xalqaro tamoyillariga asoslangan.
3. Mazkur Kodeks maqsadlarida korporativ boshqaruv deganda, aksiyadorlik jamiyati faoliyatini samarali tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizaciya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilish maqsadida aksiyadorlik jamiyatlari (keyingi matnlarda «Muborak IEM» AJ deb yuritiladi) ijroiya organi, kuzatuv kengashi, aksiyadorlar, mehnat jamoasi vakillari va boshqa manfaatdor tomonlar, shu jumladan, kreditorlar o’rtasida mazkur shaxslar manfaati uyg’unligiga erishish tizimi tushuniladi.
4. Kodeks «Muborak IEM» AJ boshqaruv organlari ishini samarali tashkil etishning muhim yo’nalishlari bo’yicha tavsiyalar majmuasidan iborat.
5. Kodeks hisobdorlik, ochiqlik, haqqoniylik, yuksak axloqiy tamoyillarga rioya etishni o’z ichiga oluvchi hamda «Muborak IEM» AJni uzoq muddatli istiqbolda barqaror rivojlantirishni ta’minlashga yo’naltirilgan tegishli boshqaruvning asosiy principlari asosida ishlab chiqilgan.
6. Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olish to’g’risidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi tomonidan oddiy ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
7. «Muborak IEM» AJ Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan o’zining tarmoq xususiyati hamda faoliyatining o’ziga xosligini hisobga olgan holda ichki korporativ xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
8. Kodeks tavsiyalariga rioya qilish majburiyatini olish va unga rioya etish to’g’risidagi axborotni e’lon qilish ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, «Muborak IEM» AJning internet tarmog’idagi korporativ veb-sayti (keyingi matnlarda «Muborak IEM» AJ sayti deb yuritiladi) va fond birjasi saytida, shuningdek, qonun hujjatlarida axborotlarni oshkor qilish nazarda tutilgan boshqa manbalarda amalga oshiriladi.
9. Kodeks tavsiyalarini joriy etishga tayyorgarlik ko’rish, uni joriy etish va monitoring qilishdagi harakatlar ketma-ketligi 1-ilovada keltirilgan.
10. AJ Kodeks tavsiyalariga rioya etish majburiyatini olishi to’g’risidagi axborotni 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq xabarni e’lon qilish yo’li bilan oshkor etadi.
11. Kodeksning muayyan tavsiyalariga rioya etish imkoni mavjud bo’lmaganda, «Muborak IEM» AJ “comply or explain” (rioya qil yoki tushuntir) xalqaro tamoyiliga rioya qilgan holda uning sabablarini to’liq oshkor etadi. 
II. FAOLIYAT OCHIQLIGINI TA`MINLASH
12. Faoliyat ochiqligini ta’minlash maqsadida «Muborak IEM» AJ:
axborotlarni maxfiy axborotlar, tijorat sirlari va aksiyalar narxining o’zgarishiga ta’sir etishi mumkin bo’lgan boshqa ma’lumotlar toifasiga kiritishning aniq mezonlarini belgilaydi;
oshkor etilishi shart bo’lgan axborotlarning«Muborak IEM» AJ sayti va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalarda ingliz, rus va aksiyador hamda boshqa manfaatdor tomonlarga, shu jumladan, xorijiy investorlarga qulay bo’lgan boshqa tillarga tarjimasi bilan birgalikda e’lon qilinishini ta’minlaydi;
aksiyadorlarning umumiy yig’ilishida ijroiya organining mukofot va kompensaciyalari miqdorini oshkor etadi;
«Muborak IEM» AJ saytida ijroiya organi va uning faoliyati samaradorligi bahosi, aksiyadorlik kapitali tarkibi (20 foizdan ziyod aksiyaga ega aksiyadorlari) to’g’risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;
taqsimlashga taklif etilayotgan sof foyda, dividendlar miqdorining asoslanishi, ularning «Muborak IEM» AJ dividend siyosatiga muvofiqligining baholanishi, shuningdek, zarurat tug’ilganda sof foydaning muayyan qismini «Muborak IEM»AJni rivojlantirish ehtiyojlariga yo’naltirishning tushuntirilishi va iqtisodiy asoslanishini e’lon qiladi;
aksiyadorlar talabiga ko’ra imkon qadar qisqa muddat ichida aksiyadorlar va investorlarga zarur bo’lgan muayyan (maxfiy va tijorat siri bo’lgan axborotlardan tashqari) axborotlarni taqdim etadi.
13. O’z faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida «Muborak IEM» AJ kuzatuv kengashi o’z ichiga quyidagilarni olgan “Axborot siyosati to’g’risida nizom”ni tasdiqlaydi:
«Muborak IEM» AJ tomonidan ochiq axborotlarni oshkor qilish maqsad va principlari;
saytda oshkor etilishi shart bo’lgan axborotlar ro’yxati, ularni oshkor etish muddati, tartibi va shakli, shu jumladan, ular oshkor etiladigan axborot  kanallari;
«Muborak IEM»AJ to’g’risidagi oshkor etilishi shart bo’lgan axborotlarni e’lon qilish bo’yicha ijroiya organining majburiyatlari;
boshqaruv organi a’zolari, mansabdor shaxslar, «Muborak IEM»AJ ishchilarining aksiyadorlar va investorlar, boshqa manfaatdor shaxslar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan axborot almashinuv tartibi;
«Muborak IEM» AJning axborot siyosatiga amal qilishini nazorat qilish bo’yicha chora-tadbirlar.
14. “Axborot siyosati to’g’risida nizom” «Muborak IEM» AJ boshqaruv va nazorat organlari hamda xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy bo’lgan hujjat hisoblanadi. 
III. SAMARALI ICHKI NAZORAT MEXANIZMLARINI JORIY QILISH
5. Samarali ichki nazorat mexanizmlarini joriy qilish maqsadida«Muborak IEM»  AJ:
kuzatuv kengashi to’g’risidagi nizomda uning tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish talablarini aks ettiradi;
kuzatuv kengashiga homiylik (xayriya) yoki beg’araz yordam ko’rsatish (olish) tartibi va shartlarini belgilash hamda bu borada qaror qabul qilish huquqini faqat aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi va qonun hujjatlarida belgilangan doirada, bu haqda barcha aksiyadorlar uchun ma’lumotlarni oshkor etgan tarzda beradi;
aksiyadorlar umumiy yig’ilishi qaroriga asosan, har yili mustaqil professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilgan holda biznes-jarayonlar va loyihalarning «Muborak IEM» AJ rivojlanish maqsadlariga muvofiqligi yuzasidan tahlil o’tkazadi;
«Muborak IEM» AJ samarali ichki nazorat tizimini joriy qilishning asosiy maqsadini barcha aksiyadorlar, shu jumladan, minoritar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni belgilaydi;
ijroiya organining affillangan shaxslar bilan va yirik bitimlarni mustaqil amalga oshirishi uchun «Muborak IEM» AJning joriy xo’jalik faoliyati bilan bog’liq bitimlarni aniqlash masalasini aksiyadorlarning umumiy yig’ilishida muhokama qilinishini ta’minlaydi;
«Muborak IEM» AJning ichki audit xizmatiga ichki nazoratni, shu jumladan, 50 foizdan ziyod ulushi «Muborak IEM» AJga tegishli bo’lgan yuridik shaxslar bilan o’tkazilgan operaciyalar ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatini beradi;
«Muborak IEM» AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning boshqaruv organlari yig’ilishlarida o’zining vakillarini «Muborak IEM» AJ nomidan ovoz berish tartibini belgilaydi;
«Muborak IEM» AJ umumiy yig’ilishida ishtirok etuvchi shaxsga shunday shaxs hisobidan o’zi to’ldirgan byulletenь nusxasini olish imkonini beradi;
«Muborak IEM» AJ ijro organidan muntazam ravishda jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar faoliyati yuzasidan ularning tasdiqlangan biznes-rejasiga muvofiq, bajarilgan ishlar va erishilgan ko’rsatkichlar to’g’risida hisobot talab qiladi;
«Muborak IEM» AJ ichki nazorat organi (taftish komissiyasi va ichki audit xizmati)ning kuzatuv kengashi, aksiyadorlar umumiy yig’ilishi, minoritar aksiyadorlar qo’mitasi (agar mavjud bo’lsa) va aksiyadorlar bilan o’zaro hamkorligi tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
16. «Muborak IEM» AJda samarali ichki nazorat tizimini joriy qilish uchun aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi “Ichki nazorat to’g’risidagi nizom”ni tasdiqlaydi. U quyidagilardan iborat bo’ladi:
«Muborak IEM» AJning ichki nazorat organi tarkibiga hamda uning a’zolari malakasiga talablar;
ichki nazorat tizimi to’g’risidagi hisobot tarkibi va uni shakllantirish reglamenti;
«Muborak IEM» AJ ichki nazorat organi tizimi samaradorligini baholash uchun mustaqil professional tashkilotlar — maslahatchilarni jalb qilish tartibi;
Ichki nazorat organi ishini monitoring qilish mexanizmlari tavsifi, uning a’zolariga to’lanadigan kompensaciya va mukofot pullarini hisoblash tartibi.
17. “Ichki nazorat to’g’risidagi nizom” «Muborak IEM» AJ xodimlari, boshqaruv va nazorat organi a’zolari uchun rioya etilishi majburiy bo’lgan hujjat hisoblanadi.
18.«Muborak IEM» AJ “Kuzatuv kengashi to’g’risidagi nizom” talablariga muvofiq, kuzatuv kengashi tarkibiga bittadan kam bo’lmagan (ammo ustavda ko’zda tutilgan kuzatuv kengashi a’zolari sonining 15 foizidan kam bo’lmagan) mustaqil a’zo kiritadi.
19. Quyidagilar «Muborak IEM»  AJ kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi bo’lishi mumkin:
(I) so’nggi besh yil mobaynida «Muborak IEM» AJ, uning sho’’ba va affillangan korxonalarida ishlamagan shaxslar;
(II) «Muborak IEM» AJ, uning sho’’ba va affillangan korxonalari aksiyadori bo’lmagan shaxslar;
(III) «Muborak IEM»AJ, uning sho’’ba va affillangan korxonalari bilan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining besh ming baravari miqdoridan yuqori summaga tegishli shartnomaga ega bo’lgan yirik mijozlari yoki mol etkazib beruvchilari bilan bog’liq bo’lmagan shaxslar;
(IV) «Muborak IEM» AJ, uning sho’’ba va affillangan korxonalari bilan xizmat ko’rsatish yuzasidan shartnomaga ega bo’lmagan shaxslar;
(V) «Muborak IEM»  AJ, uning sho’’ba va affillangan korxonalari rahbarlari bo’lgan yoki so’nggi besh yil mobaynida shunday lavozimlarda ishlagan shaxsning oila a’zosi bo’lmagan shaxslar;
(VI) «Muborak IEM» AJni nazorat qiluvchi shaxs (yoki«Muborak IEM» AJ ustidan jamoa tarzida nazorat olib boruvchi guruh va/yoki tashkilot a’zosi) bo’lmagan shaxslar;
(VII) «Muborak IEM» AJ bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma orqali bog’liq bo’lmagan va«Muborak IEM» AJning sohasi bo’yicha yuqori turuvchi tashkiloti (kompaniya) yoki yirik aksiyadorining xodimi bo’lmagan shaxslar. 
IV. AKSIYADORLARNING HUQUQ VA QONUNIY MANFAATLARINI AMALGA OSHIRILISHINI TA`MINLASH
20. Aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini ta’minlash uchun «Muborak IEM» AJ boshqaruv va nazorat organlari:
«Muborak IEM» AJ saytida yozma va elektron so’rovlarni, shu jumladan, aksiyadorlar o’z aloqa ma’lumotlari va bank rekvizitlarining o’zgarishi to’g’risidagi ma’lumotlarni yuborishi uchun manzil ko’rsatgan holda aksiyadorlarga «Muborak IEM» AJ bilan bog’lanishni engillashtiradi;
aksiyadorlarning umumiy yig’ilishida shaxsan ishtirok eta olmaydigan aksiyadorlar uchun elektron pochta orqali (elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda), shuningdek, o’z vakolatini vakilga berish yo’li bilan ovoz berish yoki umumiy yig’ilishni videokonferenc-aloqa tarzida o’tkazish imoniyati va sharoitini yaratadi;
«Muborak IEM» AJning dividendlarni hisoblashning shaffof mexanizmini ochib beruvchi dividend siyosati to’g’risidagi nizomini ishlab chiqadi;
aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi to’g’risidagi nizomda umumiy yig’ilish o’tkazilgunga qadar aksiyadorlarga kun tartibi, shu jumladan, kuzatuv kengashining
umumiy yig’ilish kun tartibidagi masala bo’yicha poziciyasi yuzasidan zarur ma’lumotlarni taqdim etishni nazarda tutadi;
sanoq komissiyasiga amaliy ko’mak ko’rsatish yoki uning funksiyasini bajarish uchun mustaqil ekspertlarni jalb etishi mumkin (masalan, investiciya maslahatchisi yoki qimmatli qog’ozlar bozorining boshqa professional ishtirokshisi);
aksiyadorlar va investorlar bilan o’zaro hamkorlik uchun mas’ul xodim yoki bo’linmani belgilaydi;
ustavda «Muborak IEM» AJning 1 foizdan kam bo’lmagan oddiy aksiyalari egalariga kuzatuv kengashi majlisini chaqirishni talab qilish va kun tartibi, foydani taqsimlash, boshqaruv va nazorat organi a’zoligiga ularning nomzodini (umumiy yig’ilish o’tkazilgunga qadar almashtirish imkoniyati bilan) ko’rsatish yuzasidan taklif kiritish huquqini taqdim etadi;
«Muborak IEM» AJning alohida ichki hujjatida aksiyadorlar, shu jumladan, minoritar aksiyadorlar uchun ovoz berishda ularning birgalikdagi poziciyasini shakllantirish uchun aksiyadorlik bitimini tuzish imkonini nazarda tutadi;
«Muborak IEM» AJ mablag’lari hisobidan minoritar aksiyadorlik qo’mitasini ta’minlash xarajatini qoplaydi (minoritar aksiyadorlik qo’mitasi tuzilgan taqdirda);
ustavda minoritar aksiyador hujjatlarni asossiz ravishda talab qilish va maxfiy axborotlar, tijorat sirlarini qo’llash yo’li bilan «Muborak IEM»  AJ boshqaruv organi faoliyatiga to’sqinlik qilmasligini nazarda tutadi;
ustavda qo’shimcha aksiyalar chiqarilgan holatda aksiyadorlar ustav kapitalidagi ulushiga proporcional ravishda imtiyozli sotib olish huquqi nazarda tutiladi;
barcha aksiyadorlarga, ularning ulushi, daromad darajasi, jinsi, irqi, dini, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, bir xil munosabatni ta’minlaydi;
ustavda aksiyadorlarning yillik umumiy yig’ilishi kun tartibi uchun takliflarni taqdim etishning kechroq muddatini ko’zda tutadi;
ijroiya organi, kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi a’zolari, shuningdek, auditorlik tashkiloti vakilining aksiyadorlarning yillik umumiy yig’ilishida ishtirok etishini ta’minlaydi;
kuzatuv kengashi to’g’risidagi nizomda kuzatuv kengashi a’zosi vazifasini bajarishdan ozod etilishi shartlarini, «Muborak IEM» AJ kuzatuv kengashi raisining yig’ilishni tashkil etish va o’tkazish bilan bog’liq faoliyati tartibi va funksiyasini nazarda tutadi;
«Muborak IEM» AJ aksiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini ta’minlashga yo’naltirilgan boshqa zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
21. «Muborak IEM» AJ aksiyadorlarining huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishini ta’minlash uchun AJ yuqorida qayd etilgan tavsiyalarni aks ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi.
V. UZOQ MUDDATLI ISTIQBOLGA MO’LJALLANGAN RIVOJLANISH STRATEGIYASI VA VAZIFALARNI BELGILASH

22. Uzoq muddatli istiqbolga oid rivojlanish strategiyasi va vazifalarni belgilash uchun «Muborak IEM» AJ boshqaruv organi:
AJning strategik maqsadi sifatida aksiyalar narxining o’sishiga olib keluvchi moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, mehnat unumdorligi va mahsulot raqobatdoshligini oshirish, ishlab chiqarish, energiya samaradorligi va eksport ko’rsatkichlarining o’sishi, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizaciya qilish, texnik va texnologik yangilashni amalga oshirishni belgilaydi;
aksiyadorlarning umumiy yig’ilishida tarmoq xususiyatining o’ziga xosligi, raqobat muhiti tahlili, eksportga yo’naltirilganlik va tegishli soha, tarmoq va hududni rivojlantirish bo’yicha tasdiqlangan 
davlat dasturlaridan kelib chiqqan holda  «Muborak IEM» AJning 
5 yildan ortiq bo’lgan davr uchun uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
xorijiy tajribada muvaffaqiyatli sinovdan o’tgan boshqaruv uslublari, shu jumladan, SWOT, GAP tahlil va boshqa yondashuvlar, maxsus dasturiy mahsulotlar va boshqalarni keng qo’llaydi;
aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi tomonidan tasdiqlangan uzoq muddatli strategiya asosida qisqa muddatli (yillik) va o’rta muddatli (5 yilgacha bo’lgan davr uchun) biznes-rejalar ishlab chiqadi hamda aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi yoki kuzatuv kengashiga tasdiqlash (ma’qullash) uchun kiritadi;
«Muborak IEM» AJda qabul qilingan har bir rivojlanish rejasi bo’yicha belgilangan maqsadlarga erishish monitoringini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan son va sifat mezonlarini joriy etadi.
23. Kuzatuv kengashi ijroiya organi, «Muborak IEM» AJ ichki nazorat organi, «Muborak IEM»AJda tashkil etilgan kollegial organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, zarur bo’lganda, «Muborak IEM» AJ rivojlanish rejasini ishlab chiqishni tashkil etish va unda belgilangan maqsadlarga erishish monitoringi uchun ekspertlarni jalb etadi.
24. «Muborak IEM» AJ majburiy ravishda aksiyadorlari tarkibiga (qonun hujjatlari belgilangan holatlardan tashqari) «Muborak IEM» AJni boshqarish, raqobatdosh mahsulot 
ishlab chiqarish va uni tashqi bozorga eksport qilishda ishtirok etuvchi strategik xorijiy investorlarni jalb qiladi.

VI. IJROIYA ORGANINING AKSIYADORLAR VA INVESTORLAR BILAN O’ZARO SAMARALI HAMKORLIGINING MEXANIZMLARINI JORIY ETISH
25. Ijroiya organining aksiyadorlar va investorlar bilan o’zaro hamkorligining samarali mexanizmini joriy etish uchun «Muborak IEM» AJ boshqaruv organlari:
«Muborak IEM» AJ aksiyadorlari, boshqaruv va nazorat organi a’zolari o’rtasida o’zaro ishonch, hurmat, hisobdorlik va nazorat tamoyillari asosidagi hamkorlikni ta’minlaydi;
«Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslari tomonidan o’z vazifalarini professional asosda amalga oshirish, qonun hujjatlari, «Muborak IEM» AJ ustavi va boshqaruv organi qarorlaridan kelib chiquvchi barcha majburiyatlarni vijdonan va oqilona bajarishi to’g’risidagi talablarni joriy etadi;
kuzatuv kengashi a’zoligi uchun nomzodlarga malaka talablari, shu jumladan, ustav kapitalida davlat ulushi bo’lgan «Muborak IEM» AJda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tomonidan berilgan korporativ boshqaruvchi malaka attestati mavjudligi talablarini belgilaydi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari);
«Muborak IEM» AJ kuzatuv kengashi qoshida kuzatuv kengashi, ijroiya organlari a’zolari, «Muborak IEM» AJ xodimlari va jalb etilgan ekspertlar (tegishli soha mutaxassislari, soha oliy ta’lim muassasalari o’qituvchilari va boshqalar)dan iborat tegishli masalalar, shu jumladan, nizoli vaziyatlarni aniqlash va hal etish bo’yicha qo’mitalar (ishchi guruhlari) tashkil etadi;
kuzatuv kengashi yig’ilishlarini so’rov o’tkazish yo’li bilan, shuningdek, videokonferenc-aloqa rejimida o’tkazish holatlari va tartibini belgilaydi;
aksiyadorlar umumiy yig’ilishi raisi vakolatiga aksiyadorlar umumiy yig’ilishining audio-video yozuvi va internet tarmog’idagi translyaciyasiga ruxsat berish masalasini kiritadi;
kuzatuv kengashi, aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi, «Muborak IEM» AJ ustavi va rivojlanish rejasi tomonidan qo’yilgan vazifalarning so’zsiz bajarilishi uchun ijroiya organi vakolatiga kiruvchi masalalarni u tomonidan mustaqil hal etish talabini joriy etadi;
«Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslarining malakasini o’quv kurslari, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish orqali oshiradi;
«Muborak IEM» AJ faoliyatida korporativ qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilishga mas’ul bo’lgan va kuzatuv kengashiga hisobot beruvchi korporativ maslahatchi lavozimini joriy etadi;
«Muborak IEM» AJ biznes xatarlari va ijroiya organlari javobgarligini sug’urtalaydi;
kuzatuv kengashi a’zolarining mukofot puli miqdorini «Muborak IEM» AJ moliyaviy natijalari va korporativ boshqaruv tizimining mustaqil baholanishi natijalari bilan bog’laydi;
aksiyadorlarning umumiy yig’ilishida hisobot beruvchi «Muborak IEM» AJ boshqaruv va nazorat organlari ma’ruzalari (hisobotlari) shakli va mazmuniga bo’lgan talablarni, aksiyadorlar umumiy yig’ilishi davomiyligini belgilaydi;
aksiyadorlar vakili sifatida ishtirok etuvchi ijroiya organi vakillarining ijroiya organiga a’zolar saylash masalasida ovoz berish huquqini cheklashi mumkin;
ustavda odatda «Muborak IEM» AJ navbatdagi aksiyadorlarning umumiy yig’ilishini o’tkazish sanasini nazarda tutadi.
26. Ijroiya organining aksiyadorlar va investorlar bilan o’zaro samarali hamkorligi mexanizmlarini joriy etish uchun «Muborak IEM» AJ yuqorida qayd qilingan tavsiyalarni aks ettiruvchi zarur ichki hujjatlarni qabul qiladi.
VII. MANFAATLAR QARAMA-QARSHILIGI
27. Manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bog’liq vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish va nizoli vaziyatlarni bartaraf etish uchun «Muborak IEM» AJ o’z ichiga quyidagilarni oluvchi manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi to’g’risidagi nizomni ishlab chiqadi:
«Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslarining «Muborak IEM» AJ manfaatini ko’zlab faoliyat yuritish majburiyati;
«Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin bo’lgan vaziyatlarni aniqlash;
«Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslarining kuzatuv kengashini manfaatlar qarama-qarshiligi yuzaga kelishi to’g’risida xabardor qilish majburiyati;
kuzatuv kengashining ruxsatisiz «Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslarining boshqa yuridik shaxslarning boshqaruv va nazorat organlarida ishtirok etishini taqiqlash;
«Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslari tomonidan harakat va bitim amalga oshirilganda yoki ular tomonidan axborot oshkor qilinganda manfaatlar qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin bo’lgan vaziyatlarning oldini olish;
manfaatlar qarama-qarshiligi bilan bog’liq nizoli vaziyatlarni hal etishning, shu jumladan, ularni 
hal etish uchun manfaatdor bo’lmagan uchinchi shaxsni tayinlash yoki manfaatlar qarama-qarshiligini hal qilish bo’yicha vakolatni kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi (a’zolari)ga yuklashning batafsil reglamenti.
28. Manfaatlar qarama-qarshiligi vaqtida harakat qilish tartibi to’g’risidagi nizom aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi tomonidan tasdiqlanadi.
VIII. NAMUNAVIY TASHKILIY TUZILMANI JORIY ETISH
29. Namunaviy tashkiliy tuzilmani joriy etish uchun«Muborak IEM»  AJda:
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-son Farmonida tasdiqlangan namunaviy tashkiliy tuzilmaga muvofiqlik ta’minlanadi;
tashkiliy tuzilmani ishlab chiqish va joriy etishda «Muborak IEM» AJ faoliyatining miqyosi, tarmoq xususiyati va yo’nalishi hisobga olinadi;
«Muborak IEM» AJning amaldagi tashkiliy tuzilmasi qonun ­hujjatlarida belgilangan namunaviy tashkiliy ­tuzilmaga muvofiqligining muntazam baholanishi tashkil etiladi;
«Muborak IEM» AJning boshqaruv lavozimlariga xorijiy ­menejerlar nomzodlarining ishtirok etishiga imkon yaratilgan holda har yili tanlovlar o’tkaziladi;
rahbar lavozimlarga tanlovlar reglamenti ­tasdiqlanib, unda tanlov e’lon qilish, tanlovning ob’ektiv mezonlari ularning yakuni bo’yicha yangicha ­fikrlovchi, zamonaviy talablarga javob beruvchi yuqori malakaga ega bo’lgan, shuningdek, xorijiy menejerlarni tanlab olish jarayonlari bayon etiladi.
30. Kuzatuv kengashi tashkiliy tuzilmani ishlab ­chiqish, joriy etish va muntazam baholanishi bo’yicha ishlarning qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq tarzda amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni ta’minlaydi.
IX. AXBOROTLARNI AUDIT VA MOLIYaVIY HISOBOTLARNING XALQARO STANDARTLARI ASOSIDA E`LON QILISH

31. Axborotlarni audit va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida e’lon qilish uchun «Muborak IEM» AJda:
kuzatuv kengashi yillik moliyaviy hisobotlarni Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (keyingi matnlarda XMHS deb yuritiladi) muvofiq tarzda e’lon qilishga o’tish bo’yicha amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtiradi;
«Muborak IEM» AJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga muvofiq tarzda e’lon qilishga o’tish masalalari bo’yicha taftish komissiyasi, ichki audit xizmati, kuzatuv kengashi a’zolari, «Muborak IEM» AJning mas’ul mansabdor shaxslari va jalb etilgan ekspertlar (zarur hollarda)dan iborat ishchi guruhi tuziladi;
yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlari asosida e’lon qilishga o’tishda malakali xizmat ko’rsatish uchun auditorlik yoki konsalting tashkiloti jalb etiladi;
auditorlik tashkiloti bilan hamkorlikda «Muborak IEM» AJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlari asosida e’lon qilishga o’tishning bosqichli algoritmi (tadbirlar rejasi) ishlab chiqiladi va kuzatuv kengashining yig’ilishida tasdiqlanadi;
audit o’tkazish va moliyaviy hisobotlarni tuzishga jalb etilgan «Muborak IEM» AJ xodimlari XMHS va auditning xalqaro standartlari bo’yicha o’quv kurslarida o’qitiladi;
«Muborak IEM» AJning yillik moliyaviy hisobotlarni XMHSga va auditning xalqaro standartlariga muvofiq tarzda e’lon qilishga o’tish bo’yicha tegishli rejada ko’zda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
«Muborak IEM»AJning yillik moliyaviy hisobotlari XMHSga va auditning xalqaro standartlariga muvofiq tarzda qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda e’lon ­qilinadi.

X. KODEKS TAVSIYaLARINI JORIY ETISH MONITORINGI
32. Kodeks tavsiyalarini joriy etish monitoringini amalga oshirish uchun «Muborak IEM» AJ korporativ boshqaruv tizimini baholashni o’tkazadi, bu ishni amalga oshirish uchun mustaqil tashkilotni jalb qilish tavsiya etiladi.
33. «Muborak IEM» AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash yiliga kamida bir marta o’tkaziladi.
34. «Muborak IEM» AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash«Muborak IEM»  AJga mulkiy munosabat orqali bog’liq bo’lmagan tashkilot bilan tegishli shartnoma asosida amalga oshiriladi.
35. «Muborak IEM» AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni quyidagi tashkilotlar o’tkazishi mumkin:
fond birjasi;
qimmatli qog’ozlar bozorining professional ishtirokshilari;
shtatida tegishli korporativ boshqaruvchi yoki qimmatli qog’ozlar bozori mutaxassisi attestati bo’lgan auditorlik tashkilotlari;
akkreditaciyadan o’tgan reyting agentliklari;
Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi;
Xususiylashtirish, raqobatni va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolari tadqiqotlari markazi.
36. Korporativ boshqaruv tizimini baholashni o’tkazish uchun mustaqil tashkilotni tanlash «Muborak IEM»  AJ kuzatuv kengashining qarori bo’yicha tanlov asosida o’tkaziladi.
37. «Muborak IEM» AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash O’zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo’mitasi va Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tomonidan tasdiqlanadigan savolnoma asosida o’tkaziladi.
38. «Muborak IEM» AJda o’tkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash natijalari «Muborak IEM» AJ saytida shunday baholashni o’tkazgan tashkilot xulosasi bilan birgalikda e’lon qilinadi.
39. Davlat nomidan aksiyador sifatida ishtirok etuvchi davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat hokimliklari va boshqa davlat tashkilotlari:
«Muborak IEM» AJda korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholashni o’tkazish uchun o’z mablag’i hisobidan mustaqil tashkilotni jalb qilish huquqiga ega;
«Muborak IEM» AJda o’tkazilgan korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash natijalarini «Muborak IEM» AJ boshqaruv organida ular nomidan ishtirok etayotgan shaxslarni mukofotlash miqdorini aniqlash uchun qo’llaydi.
XI. YAKUNIY QOIDALAR
40. Kodeks tavsiyalariga rioya qilmaslik davlat organlari tomonidan chora qo’llanishga olib kelmaydi.
41. Aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi «Muborak IEM» AJ mansabdor shaxslariga Kodeks tavsiyalariga rioya etmaganlik yoki Kodeksda nazarda tutilgan axborotlarni oshkor etmaganlik uchun javobgarlik chorasini o’rnatishga haqli.
42. «Muborak IEM» AJda Kodeks tavsiyalarini joriy etish yuzasidan nazorat qilishni kuzatuv kengashi amalga oshiradi.
Korporativ boshqaruv kodeksiga 2-ilova
Aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan Korporativ boshqaruv kodeksi tavsiyalarini o’z faoliyatiga qabul qilganligi to’g’risida
XABAR BERISH SHAKLI
(aksiyadorlik jamiyati nomi)
«Muborak IEM» AJ shuni ma’lum qiladiki, aksiyadorlar umumiy yig’ilishining “___” __________ 20__ yildagi №____ qarori bilan jamiyat tomonidan “____” ___________20__yildan boshlab Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi yig’ilishining “____” ______ 201__yil  №_________ bayonnomasi bilan tasdiqlangan Korporativ boshqaruv kodeksiga rioya qilish majburiyati qabul qilindi.
(Aksiyadorlar umumiy yig’ilishi qaroriga asosan qo’shimcha ma’lumot)
Ma’lumot
Barcha aksiyadorlik jamiyatlarida Korporativ boshqaruv kodeksining qoidalari va tamoyillari ustidan nazorat O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 31 martdagi PQ-2327-son qarori bilan tashkil etilgan Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi tomonidan yil davomida amalga oshiriladi hamda aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini baholash bo’yicha kompleks tahlil va aniq takliflar har bir moliyaviy yil yakunlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi yig’ilishlari muhokamasiga kiritiladi.

S5 Box

Login

Register